Joriy yilning 8-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori A.V.Gutsan boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Akademiyaning tashkiliy tuzilmasi va asosiy faoliyat yo‘nalishlari, prokuratura va tergov organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi, shuningdek, o‘quv jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
Mehmonlarga Akademiyada amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan zamonaviy ta’lim infratuzilmasi, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari asosida tashkil etilgan o‘quv jarayonlari, Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi faoliyati taqdim etildi. Shuningdek, delegatsiya vakillari yuridik klinika, kriminalistik poligonlar, laboratoriyalar, sud jarayonlarini imitatsiya qilish xonalari va boshqa maxsus o‘quv obyektlari, axborot-resurs markazi bilan tanishdilar.
Uchrashuv konstruktiv va amaliy ruhda o‘tdi. Akademiyaning ta’lim, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligiga asoslangan faoliyati mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tomonlar prokuror-tergov kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.
Tashrif doirasida Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi vakillari ishtirokida Akademiya tinglovchilari uchun turkum ma’ruzalar tashkil etildi. Ma’ruzalarda jinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy tendensiyalari, jumladan, MDH davlatlarida jinoyatchilikning qiyosiy tahlili va unga qarshi hamkorlikda kurashish masalalari, raqamli transformatsiya sharoitida kiberjinoyatchilikka qarshi xalqaro hamkorlik, shuningdek, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi va shaxsga qarshi jinoyatlar bo‘yicha tergovning o‘ziga xos jihatlari muhokama qilindi.
Ma’ruzalar interaktiv shaklda, savol-javob va fikr almashinuv asosida o‘tdi. Yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.