O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Markaziy Osiyo davlatlarining vakolatli organlari salohiyatini oshirishga qaratilgan, virtual aktivlardan foydalangan holda pul yuvish va noqonuniy narkotiklar aylanmasiga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro stajirovkada ishtirok etdi.
Tadbir Moliyaviy monitoring bo‘yicha xalqaro o‘quv-metodik markaz hamda BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi tomonidan milliy hamkorlar ko‘magida tashkil etildi va unda Markaziy Osiyoning barcha davlatlari vakillari ishtirok etdi.
Stajirovka dasturi doirasida ishtirokchilar raqamli aktivlardan foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash va bartaraf etishning zamonaviy yondashuvlarini ko‘rib chiqdilar. Xususan, kriptovalyuta tranzaksiyalarini tahlil qilish usullari, shuningdek, jinoyat ishlari doirasida kriptoaktivlarni aniqlash, kuzatish, xatlovdan o‘tkazish va musodara qilish mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.
Milliy tajriba almashinuvi sessiyalari doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari tomonidan jinoyat qonunchiligini qo‘llash amaliyoti, kriptoaktivlar bilan bog‘liq operatsiyalarni tahlil qilish usullari hamda ushbu toifadagi ishlar bo‘yicha sud amaliyotining o‘ziga xos jihatlari yoritildi. Taqdim etilgan amaliy misollar ishtirokchilar tomonidan yuqori qiziqish bilan qabul qilinib, kasbiy muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Stajirovka yakunlari bo‘yicha raqamli aktivlardan foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishda idoralararo va xalqaro hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirishning dolzarbligi qayd etildi. Shuningdek, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida profilaktik ishlarni kuchaytirish orqali ularning jinoiy sxemalarga jalb etilishining oldini olish zarurligi ta’kidlandi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi raqamli kriminalistika va moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga joriy etishdad davom etadi