Mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va kriminogen vaziyatni ilmiy asosda tahlil qilishga qaratilgan tizimli ishlar doirasida, shuningdek profilaktika faoliyatini metodik jihatdan ta’minlash va uning samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu vazifalar ijrosi doirasida Akademiya xodimlari respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1 va PQ-2-son qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri, Kegeyli va Qorauzak tumanlarida joylarda o‘rganishlar o‘tkazdi.
Tashrif doirasida hududlarda tashkil etilgan shtab a’zolari bilan ishchi uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritalari”ning bajarilish holati atroflicha tahlil qilinib, amalga oshirish jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan ayrim xato va kamchiliklar muhokama etildi.
Uchrashuvlar davomida mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi, amaliy tavsiyalar taqdim etildi hamda belgilangan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli ijro etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Mazkur ishlar hududlarda xavfsiz muhitni ta’minlash, jamoat xavfsizligini mustahkamlash hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.