Klinik ta’lim va ijtimoiy mas’uliyat: Akademiyada bepul huquqiy yordamning zamonaviy modeli rivojlantirilmoqda

Klinik ta’lim va ijtimoiy mas’uliyat: Akademiyada bepul huquqiy yordamning zamonaviy modeli rivojlantirilmoqda

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida ta’lim jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan klinik ta’lim tizimi izchil rivojlantirilmoqda. Ushbu model doirasida Yuridik klinika fuqarolarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatish bilan birga, talabalarda amaliy kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishning samarali mexanizmi sifatida xizmat qilmoqda.

Akademiyada joriy etilgan raqamli yechimlar aholi uchun huquqiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirmoqda. Xususan, Akademiyaning rasmiy veb-sayti Yuridik klinikaning maxsus elektron platformasi bilan integratsiya qilingan bo‘lib, fuqarolar aynan sayt orqali murojaat yuborish, huquqiy maslahat olish va o‘z muammolari yuzasidan tezkor javoblar olish imkoniyatiga ega.

Mazkur mexanizm, ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan aholi hamda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun huquqiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada kengaytirish maqsadida Akademiya bilan O‘zbekiston Nogironlar jamiyati hamda “Sharoit Plus” nogironlar jamoat birlashmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Memorandumlar doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, ularga bepul huquqiy maslahat va amaliy yordam ko‘rsatish, davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish hamda inklyuziv muhitni rivojlantirishga qaratilgan qator vazifalar belgilandi.

Tadbir doirasida Yuridik klinika faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi, shuningdek talabalar ishtirokida sahna chiqishlari tashkil etildi.

Uchrashuv yakunida Yuridik klinika faoliyatida faol ishtirok etgan bir guruh talabalarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Klinik ta’lim, institutsional hamkorlik va raqamli xizmatlarni uyg‘unlashtirish orqali Akademiya aholiga huquqiy yordam ko‘rsatish hamda amaliyotga yo‘naltirilgan kadrlar tayyorlashning samarali modelini shakllantirmoqda.

Telegram Facebook