Prokuratura organlarida komplayens va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi joriy etilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida shaxsiy xavfsizlik bo‘linmalari xodimlari uchun navbatdagi qisqa muddatli malaka oshirish kursi tashkil etildi.
O‘quv dasturi doirasida tinglovchilar xalqaro standartlar asosida prokuratura organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish hamda korrupsiyaning oldini olishning samarali mexanizmlarini o‘rgandilar.
Mashg‘ulotlar davomida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, OSINT instrumentlaridan foydalanish, elektron ma’lumotlar bazalari bilan ishlash, ochiq manbalar tahlili asosida xavflarni aniqlash va boshqarish, korrupsiyaviy holatlarni dastlabki bosqichlarda fosh etish kabi yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi.
Amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash maqsadida Bojxona qo‘mitasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida sayyor o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Tinglovchilar mazkur tuzilmalarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni tahlil qilish va boshqarishning zamonaviy amaliyoti bilan tanishdilar.
Kurs yakunida tinglovchilarning bilim va ko‘nikmalari baholanib, muvaffaqiyatli yakunlaganlarga tegishli sertifikatlar topshirildi.