Belarus Respublikasining Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universitetida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda qator davlatlarning yetakchi yuridik oliy ta’lim muassasalari va huquqni muhofaza qilish akademiyalari vakillari ishtirok etdi. Muzokaralar markazida raqamlashtirish, texnologik o‘zgarishlar va sun’iy intellektning huquqiy tizimlarga ta’siri masalalari turdi.
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi mazkur forumda dolzarb ilmiy tadqiqot natijalarini taqdim etdi. Doktorantlar platformaviy bandlikni huquqiy tartibga solish, raqamli iqtisodiyot sharoitida bandlik shakllarining transformatsiyasi, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, shuningdek jinoyat huquqida zo‘ravonlik tushunchasining nazariy va amaliy jihatlariga bag‘ishlangan ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.
Taqdim etilgan ilmiy ishlar xalqaro ekspertlar tomonidan ijobiy baholanib, ularning dolzarbligi va amaliy ahamiyatini namoyon etdi hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini belgilab berdi.