O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Amir Temur nomidagi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi rahbariyatining amaliy tashrifi bo‘lib o‘tdi.
Tashrif davomida mehmonlar Akademiyada huquqni muhofaza qilish organlari uchun tergov va surishtiruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimi bilan yaqindan tanishdilar. Shu bilan birga, prokuratura organlari xodimlarining kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan ta’lim jarayonlari ham alohida taqdim etildi.
Mehmonlarga ilk bor xizmatga qabul qilingan tergov va surishtiruv xodimlari uchun majburiy kasbiy tayyorgarlik kurslari, shuningdek rahbar kadrlar zaxirasi uchun tashkil etiladigan maxsus qayta tayyorlash dasturlari mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, tashrif davomida zamonaviy o‘quv auditoriyalari, raqamli ta’lim infratuzilmasi, kriminalistika va sud ekspertizalariga ixtisoslashgan laboratoriyalar hamda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan o‘quv-amaliy maydonlar ko‘zdan kechirildi.
Uchrashuv yakunida kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni almashish, shuningdek qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.