Sud-huquq tizimini izchil yangilash va uning texnologik asoslarini mustahkamlash sharoitida huquqni muhofaza qilish faoliyatining ustuvor yo‘nalishlariga zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Tergov sifatini oshirish, uning shaffofligi va tezkorligini ta’minlash bevosita intellektual texnologiyalardan samarali foydalanish bilan bog‘liq bo‘lib, mazkur yondashuvlar tergov faoliyatini mazmunan yangi bosqichga olib chiqmoqda.
2026-yil 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Tergov harakatlarini o‘tkazishda sun’iy intellektdan foydalanish istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, vazirlik va idoralar, oliy ta’lim va ilmiy muassasalar vakillari, mustaqil izlanuvchilar va doktorantlar onlayn va oflayn shaklda ishtirok etdi. Konferensiya doirasida sun’iy intellekt texnologiyalarini tergov jarayoniga joriy etishning huquqiy va tashkiliy jihatlari, ilg‘or xorijiy tajriba, mavjud muammolar va ularning yechimlari atroflicha muhokama qilindi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, sun’iy intellektdan foydalanish tergov versiyalarini shakllantirish, ayrim protsessual hujjatlarni tayyorlash, katta hajmdagi ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish hamda qaror qabul qilish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu esa o‘z navbatida tergovning tezkorligi va asoslanganligini oshirish, inson omilining salbiy ta’sirini kamaytirish hamda umumiy samaradorlikni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashda axborot xavfsizligi, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, shuningdek texnologiyalardan mas’uliyatli va oqilona foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha tergov faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha aniq ilmiy yondashuvlar va amaliy takliflar shakllantirildi. Ushbu takliflar sohada zamonaviy raqamli yechimlarni tizimli ravishda joriy etish, tergov sifatini oshirish va uning samaradorligini ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, konferensiya materiallari asosida ilmiy maqolalar to‘plamini nashr etish rejalashtirilgan bo‘lib, u mazkur yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlarni yanada chuqurlashtirish va ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirishga xizmat qiladi.
Shu tariqa, Akademiya Qonunga xizmat qilish yo‘lida o‘qitish va o‘rganish missiyasini ro‘yobga chiqarish orqali huquqni muhofaza qilish sohasini ilmiy va texnologik jihatdan rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.