Huquqni muhofaza qilish akademiyasida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ta’lim jarayoni ishtirokchilarining bu boradagi amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida Yunusobod tumani Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan hamkorlikda amaliy-profilaktik tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish, yong‘in kelib chiqishining oldini olish, xavfli vaziyatlarda to‘g‘ri va tezkor harakat qilish, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalaridan samarali foydalanish hamda evakuatsiya tartibiga amal qilish bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, talabalar ishtirokida shartli yong‘in holati modellashtirilib, evakuatsiya chizmasi asosida harakatlanish, xavfsiz hududga chiqish hamda tegishli xizmatlarga o‘z vaqtida xabar berish tartibi amaliy tarzda namoyish etildi.
Mazkur tadbir talabalarning yong‘in xavfsizligi sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatini oshirish hamda Akademiyada xavfsiz ta’lim muhitini ta’minlashga xizmat qiladi.