Huquqni muhofaza qilish akademiyasi “Turkiy davlatlarda sud-huquq ta’limi va odil sudlov: raqamli transformatsiya hamda ilg‘or tajribalar sari integratsiya” mavzusidagi xalqaro forumning hamkori sifatida ishtirok etdi. Mazkur tadbir Odil sudlov akademiyasi tomonidan tashkil etildi.
Forumda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya davlatlarining sud-huquq ta’limi muassasalari, prokuratura organlari huzuridagi akademiyalar, shuningdek xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ishtirok etdilar.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi S.I.Samadov so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari kadrlar tayyorlashga sifat jihatidan yangi yondashuvni talab etayotganini ta’kidladi hamda raqamli transformatsiya, ortib borayotgan professional standartlar va kengayib borayotgan xalqaro hamkorlik sharoitida samarali faoliyat yurita oladigan kadrlarni tayyorlash muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Forum doirasida ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish, sudyalarni tayyorlash va malakasini oshirishda xalqaro standartlar va ilg‘or yondashuvlar, shuningdek sud va huquqni muhofaza qilish organlari kadrlarini tayyorlashda zamonaviy pedagogik usullardan samarali foydalanish masalalariga bag‘ishlangan panel sessiyalar tashkil etildi.
Panel sessiyalarda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi xodimlari ma’ruzalar bilan ishtirok etib, raqamli yechimlar, xalqaro standartlar va ilg‘or tajribalar integratsiyasiga asoslangan kadrlar tayyorlashning zamonaviy yondashuvlarini taqdim etdilar, shuningdek sud-huquq ta’limini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdilar.
Forum tajriba almashish, dolzarb masalalarni muhokama qilish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi samarali muloqot maydoni bo‘ldi.