Huquqni muhofaza qilish akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida «Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining huquqiy asoslari va korrupsiyaga qarshi kurashish amaliyoti» mavzusida xalqaro onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Tojikiston Respublikasining Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Konferensiyada ikki davlatning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatli organlari, oliy ta’lim muassasalari, professor-o‘qituvchilar va sohaviy mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbir davomida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, sohada kadrlar tayyorlashning zamonaviy mexanizmlari, profilaktik yondashuvlar hamda ta’lim jarayoniga innovatsion yechimlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Akademiya vakillari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasining imkoniyatlari, uning aholi va mutaxassislarning huquqiy ongi hamda antikorrupsiyaviy madaniyatini yuksaltirishdagi ahamiyati haqida taqdimot o‘tkazildi.
Mazkur xalqaro muloqot korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘zaro tajriba almashish, ilmiy-ta’limiy hamkorlikni rivojlantirish va professional aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.