O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida prokuratura organlari faxriylari, Akademiya xodimlari hamda bakalavriat talabalari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda prokuratura va huquqni muhofaza qilish organlarida ko‘p yillar samarali xizmat qilgan generallar, O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik markazi raisi hamda Bosh prokuratura Jamoatchilik kengashi raisi ishtirok etdi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida kechgan uchrashuvda xizmat burchiga sadoqat, kasbiy halollik, qonun ustuvorligi va davlat manfaatlarini himoya qilishdagi mas’uliyat masalalari muhokama qilindi. Faxriylar tomonidan ko‘p yillik xizmat faoliyati davomida to‘plangan hayotiy va kasbiy tajriba, murakkab vazifalarni hal etishdagi yondashuvlar hamda kasbga fidoyilik haqida fikrlar yoshlar bilan o‘rtoqlashildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yoshlarni Vatanga sadoqat, halollik va yuksak ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shu ezgu g‘oyalarga hamohang ravishda prokuratura organlarida xizmat madaniyatini yuksaltirish, faxriylar tajribasini asrash va yosh kadrlarni ma’naviy hamda kasbiy jihatdan kamol toptirishga qaratilgan ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Qayd etilganidek, Vatanga sadoqat va fidoyilikni o‘z hayoti hamda mehnati bilan namoyon etgan, mamlakat taraqqiyoti yo‘lida ibrat maktabini yaratgan faxriylar tajribasi yosh avlod uchun muhim hayot va xizmat sabog‘i hisoblanadi.
Tadbir uch avlod vakillarini birlashtirgan muhim ma’naviy va kasbiy muloqot maydoniga aylandi.