O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “TASHKENT CYBERLEX – 2026” xalqaro ilmiy-amaliy forumi o‘z ishini boshladi.“Raqamli davrda qonun ustuvorligini ta’minlash: innovatsiyalar, inson huquqlari va xavfsizlik mutanosibligi” mavzusiga bag‘ishlangan mazkur forum mamlakatimizda ilk bor tashkil etilmoqda.
Forum raqamli transformatsiya sharoitida qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlari va xavfsizlik o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, shuningdek innovatsion texnologiyalarni huquqni muhofaza qilish tizimiga mas’uliyatli va samarali joriy etish masalalariga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro ekspert platformasi sifatida o‘z faoliyatini boshladi.
Bugun raqamlashtirish, sun’iy intellekt, raqamli dalillar, kriptoaktivlar va kiberjinoyatchilik davlatlar huquqiy siyosati hamda milliy xavfsizlik tizimining eng dolzarb yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Shu nuqtayi nazardan, forum mamlakatimizda raqamli davlat qurish, huquqiy tizim va huquqni muhofaza qilish sohasini modernizatsiya qilishga qaratilgan siyosatning mantiqiy davomi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Forum yuqori darajadagi milliy va xalqaro vakillik tarkibi bilan ajralib turadi. Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov, ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Botir Qudratxo‘jayev, Milliy gvardiya qo‘mondoni Baxodir Toshmatov, Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbariyati, shuningdek xalqaro tashkilotlar va ekspert doiralar vakillari ishtirok etdi.
Forum ishiga Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, INTERPOL, Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasi (IRZ), Yevropa kiberta’lim tarmog‘i (ECTEG) hamda boshqa nufuzli xalqaro institutlar ekspertlarining jalb etilgani uning yuqori ekspertlik va amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.
“TASHKENT CYBERLEX – 2026” keng xalqaro vakillik tarkibi va ishtirokchilar geografiyasi bilan ham ahamiyatlidir. Forumda AQSH, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy, Singapur, Niderlandiya, Avstriya, Latviya, Isroil, Vetnam, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Moldova, Ozarbayjon va boshqa davlatlardan prokurorlar, sud ekspertlari, olimlar, huquqni muhofaza qilish organlari va raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari ishtirok etmoqda. Xalqaro ishtirokchilar va ekspertlar soni forumning mintaqaviy emas, balki keng xalqaro muloqot platformasi sifatida shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Forumning yalpi majlisi “Raqamli davrda qonun ustuvorligini ta’minlash: innovatsiyalar, inson huquqlari va xavfsizlik mutanosibligi” mavzusiga bag‘ishlanib, raqamli rivojlanish sharoitida huquqiy siyosat, davlat xavfsizligi va inson huquqlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashning zamonaviy yondashuvlarini muhokama qilish uchun yuqori darajadagi siyosiy va ekspert muloqot maydonini shakllantirmoqda.
Forum doirasida “Yuridik fan va ta’limdagi innovatsiyalar: kiberhuquq, raqamli kriminalistika va sun’iy intellekt”, “e-Crime: raqamli kriminalistikaning zamonaviy usullari va vositalari”, “Sun’iy intellekt va jinoyat protsessi raqamli transformatsiyasi: taraqqiyot, xavf-xatarlar va shaxs huquqlarining kafolatlari”, “Raqamli dalillar va kriptoaktivlar: aktivlarni qaytarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik” mavzularida tashkil etilgan to‘rtta tematik sessiya raqamli huquq va kiberxavfsizlik sohasining eng dolzarb masalalarini qamrab olgan.
“TASHKENT CYBERLEX – 2026” forumi ilmiy muhokamalar bilan cheklanib qolmay, raqamli davrda qonun ustuvorligini ta’minlash, huquqni muhofaza qilish sohasida innovatsion yondashuvlarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda kiberxavfsizlik va raqamli huquq sohasida yangi tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qiluvchi muhim global platforma sifatida ahamiyat kasb etadi.
Forum ishini ertaga, 22-may kuni davom ettiradi.