“TASHKENT CYBERLEX – 2026” xalqaro ilmiy-amaliy forumi doirasida tashkil etilgan uchinchi parallel sessiya sun’iy intellekt va jinoyat sudlovining raqamli transformatsiyasi masalalariga bag‘ishlandi.
“Sun’iy intellekt va jinoyat protsessining raqamli transformatsiyasi: taraqqiyot, xavf-xatarlar va shaxs huquqlarining kafolatlari” mavzusida o‘tkazilgan sessiya raqamli texnologiyalar va huquqni muhofaza qilish amaliyoti o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik tobora kuchayib borayotgan sharoitda jinoyat sudlovi tizimining kelajagini muhokama qilishga bag‘ishlangan muhim xalqaro ekspert maydoniga aylandi.
Sessiya ishida O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Fransiya, Latviya, Singapur va Xitoydan kelgan olimlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari hamda raqamli kriminalistika sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Muhokamalar markazida sun’iy intellekt texnologiyalarini jinoyat sud ishlarini yuritishga joriy etishning huquqiy va amaliy jihatlari, tergov, prokuror nazorati va sud bosqichlarining raqamli transformatsiyasi, raqamli dalillarning maqbulligi va ishonchliligini ta’minlash, generativ sun’iy intellekt sharoitida elektron dalillarni tekshirish mexanizmlari, shaxsga doir ma’lumotlarni muhofaza qilish hamda maxfiylik huquqini ta’minlash kabi dolzarb masalalar o‘rin oldi.
Xalqaro ekspertlar sun’iy intellekt huquqni muhofaza qilish sohasi uchun keng imkoniyatlar yaratayotgani bilan birga, uning huquqiy chegaralari, algoritmik shaffoflik, xolislik va inson huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar ham global kun tartibining ajralmas qismiga aylanganini ta’kidladilar.
Sessiya ishtirokchilari jinoyat protsessini raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini huquqni qo‘llash amaliyotiga joriy etishda qonuniylik, shaffoflik, hisobdorlik va inson huquqlariga qat’iy rioya qilish ustuvor ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.
Muhokamalar davomida milliy qonunchilikni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish, raqamli texnologiyalardan foydalanishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash hamda sun’iy intellektdan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanish bo‘yicha qator amaliy taklif va yondashuvlar ilgari surildi.
Ta’kidlanganidek, sun’iy intellekt jinoyat sudlovi tizimi uchun faqat texnologik yangilik emas, balki huquqiy fikrlash, dalillar bilan ishlash va inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqishni talab etadigan yangi huquqiy voqelikdir.
Uchinchi parallel sessiya “TASHKENT CYBERLEX – 2026” forumining eng dolzarb va strategik ahamiyatga ega muhokama maydonlaridan biri sifatida sun’iy intellekt va jinoyat sudlovining raqamli kelajagi bo‘yicha ilmiy yondashuvlar, xalqaro tajriba va amaliy yechimlarni birlashtirdi.