TASHKENT CYBERLEX – 2026 doirasida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy va institutsional istiqbollari muhokama qilindi

TASHKENT CYBERLEX – 2026 doirasida kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy va institutsional istiqbollari muhokama qilindi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Raqamli davrda qonun ustuvorligini ta’minlash: innovatsiyalar, inson huquqlari va xavfsizlik mutanosibligi” mavzusidagi “TASHKENT CYBERLEX – 2026” xalqaro ilmiy-amaliy forumi doirasida “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash va axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishni takomillashtirish istiqbollari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbati raqamli transformatsiya sharoitida kiberxavfsizlikni ta’minlash, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi samarali kurashish hamda qonun ustuvorligi, inson huquqlari va xavfsizlik o‘rtasidagi muvozanatni saqlashning dolzarb masalalarini muhokama qilishga qaratilgan muhim ekspert muloqot maydoniga aylandi.

Tadbirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ilmiy va ta’lim muassasalari vakillari, sohaviy mutaxassislar hamda ekspertlar ishtirok etib, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi milliy va xalqaro yondashuvlar, huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish hamda raqamli muhitda xavfsizlikni ta’minlashning zamonaviy modellari xususida fikr almashdilar.

Muhokamalar markazida axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish amaliyoti, raqamli dalillar bilan ishlashning huquqiy va protsessual jihatlari, kiberxavfsizlik sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, shuningdek huquqni qo‘llash amaliyotiga innovatsion yondashuvlar va texnologiyalarni joriy etish masalalari o‘rin oldi.

Ta’kidlanganidek, raqamli texnologiyalar taraqqiyoti yangi imkoniyatlar bilan bir qatorda kiberjinoyatchilikning yanada murakkab va transmilliy shakllarini ham yuzaga keltirmoqda. Shu bois, mazkur sohada huquqiy tartibga solishni takomillashtirish, mutaxassislar salohiyatini oshirish va xalqaro hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

Davra suhbati ishtirokchilari kiberxavfsizlik sohasida ilmiy, amaliy va huquqiy yondashuvlarni uyg‘unlashtirish, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish hamda raqamli davrda qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha qator taklif va tavsiyalarni ilgari surdilar.

Mazkur tadbir “TASHKENT CYBERLEX – 2026” forumi doirasida kiberxavfsizlik va raqamli huquq sohasida professional muloqotni rivojlantirish, huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim ekspert platformalaridan biri sifatida ahamiyat kasb etdi.

Telegram Facebook