“TASHKENT CYBERLEX – 2026” doirasida xalqaro hamkorlik va ikki tomonlama muloqotlar kengaymoqda

“TASHKENT CYBERLEX – 2026” doirasida xalqaro hamkorlik va ikki tomonlama muloqotlar kengaymoqda

“TASHKENT CYBERLEX – 2026” xalqaro ilmiy-amaliy forumi doirasida xorijiy va milliy hamkorlar bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar hamda ekspert muloqotlari o‘tkazildi.

Mazkur muloqotlar forumning nafaqat ilmiy va ekspert muhokamalar maydoni, balki xalqaro institutsional hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va istiqbolli qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qiluvchi muhim muloqot platformasi sifatidagi ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.

Xususan, Yaponiya Adliya vazirligi delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda huquqiy ta’lim, kadrlar tayyorlash, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Tomonlar raqamli transformatsiya sharoitida huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladilar.

Shuningdek, Pekin Xalq prokuraturasi delegatsiyasi vakillari bilan o‘tkazilgan muloqotda prokuratura organlari o‘rtasidagi professional aloqalarni mustahkamlash, huquqiy tadqiqotlar va akademik hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek qo‘shma tashabbus va amaliy loyihalarni ro‘yobga chiqarish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, raqamli texnologiyalar va transmilliy kibertahdidlar sharoitida huquqni muhofaza qilish sohasidagi samarali hamkorlik, bilim va tajriba almashinuvi xalqaro muloqotning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

“TASHKENT CYBERLEX – 2026” forumi doirasidagi ikki tomonlama uchrashuvlar o‘zaro ishonch va institutsional sheriklikni mustahkamlash, huquqiy va ekspert hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini shakllantirish hamda xalqaro muloqotni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Telegram Facebook