“TASHKENT CYBERLEX – 2026” xalqaro ilmiy-amaliy forumi doirasida o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvlar va ekspert muloqotlari amaliy natijalar bilan yakunlanib, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va hamkor tashkilotlar o‘rtasida qator o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Imzolangan hujjatlar ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, raqamli texnologiyalar va huquqni muhofaza qilish sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma tashabbuslar va akademik-ekspert almashinuvlarni kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Xususan, Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Shraqbek Qobilbayev nomidagi Qostanay akademiyasi, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda “Logos” ilmiy-ta’lim markazi bilan hamkorlik hujjatlari rasmiylashtirildi.
Mazkur kelishuvlar huquqiy ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirish, innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etish hamda kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Qayd etilganidek, zamonaviy huquqiy va texnologik chaqiriqlar sharoitida institutsional hamkorlikni mustahkamlash, akademik va ekspert aloqalarni kengaytirish hamda bilimlar integratsiyasiga tayangan sheriklik munosabatlarini rivojlantirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Imzolangan memorandumlar “TASHKENT CYBERLEX – 2026” forumining amaliy natijalarga yo‘naltirilgan xalqaro platforma sifatidagi maqomini yanada mustahkamlab, huquqiy ta’lim, raqamli rivojlanish va huquqni muhofaza qilish sohalarida uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam asos yaratadi.