O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida bojxona organlari surishtiruvchilari ishtirokida “Bojxona organlarida surishtiruvni tashkil etish va amalga oshirish masalalari” mavzusida malaka oshirish kursi bo‘lib o‘tdi.
Kurs dasturi surishtiruv va tergovga qadar tekshiruvni tashkil etishning dolzarb masalalari, jinoiy faoliyatning moliyaviy jihatlarini aniqlash, tezkor-qidiruv faoliyati natijalaridan jinoyat protsessida foydalanish, kontrabanda jinoyatlarini tergov qilish metodikasi, shuningdek, Internetning yashirin (Darknet) va chuqur tarmoqlarida sodir etiladigan jinoyatlarni aniqlash va ularga qarshi kurashishning zamonaviy yondashuvlarini qamrab oldi.
Shuningdek, mashg‘ulotlarda bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish amaliyoti hamda sohadagi boshqa muhim masalalar yuzasidan nazariy va amaliy bilimlar taqdim etildi.
Malaka oshirish kursi surishtiruvchilarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, jinoyatlarni fosh etish hamda tergovga qadar tekshiruvni samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy tajribasini boyitishga xizmat qildi.
Kurs yakunida tinglovchilar zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or usullar va axborot texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha zarur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.