Kitob – ma’naviy kamolot va intellektual taraqqiyot manbai

Kitob – ma’naviy kamolot va intellektual taraqqiyot manbai

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni mutolaaga keng jalb etish, ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlash hamda ilm-ma’rifatga asoslangan intellektual muhitni qaror toptirishga qaratilgan tizimli ishlar doirasida navbatdagi kitob yarmarkasi tashkil etildi.

Mazkur tadbir Akademiyada ilm-ma’rifat, intellektual rivojlanish va yuksak ma’naviy qadriyatlarni qaror toptirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning uzviy qismi sifatida professor-o‘qituvchilar, tinglovchilar, talabalar va Akademiya xodimlarini birlashtirgan ma’rifiy muloqot maydoniga aylandi.

Yarmarka ishtirokchilari huquqshunoslik, tarix, psixologiya, badiiy adabiyot, bolalar adabiyoti, ma’naviyat hamda zamonaviy ilm-fan sohalariga oid yuzlab kitoblar bilan tanishish, o‘z qiziqish va ehtiyojlariga mos adabiyotlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Ta’kidlanganidek, kitob nafaqat bilim va axborot manbai, balki mustaqil fikrlash, huquqiy tafakkur, ma’naviy barkamollik va insonning ichki dunyosi shakllanishida muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, huquqshunos kadrlarni tayyorlash jarayonida mutolaa madaniyati kasbiy bilim, tahliliy fikrlash va mas’uliyatli dunyoqarashni qaror toptirishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.

Akademiyada kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan bunday an’anaviy tadbirlar yosh avlodning intellektual salohiyati va ma’naviy kamolotini yuksaltirish, ularda bilimga hurmat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat hamda yuksak fuqarolik mas’uliyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Telegram Facebook