O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining (OHCHR) Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish, huquqni qo‘llash amaliyotiga xalqaro standartlarni samarali joriy etish hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining inson huquqlari sohasidagi kasbiy salohiyatini yanada oshirish masalalariga bag‘ishlandi.
Tashrif doirasida mehmonlar Akademiyaning ko‘p tarmoqli faoliyati, prokuratura va tergov organlari uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishning zamonaviy tizimi bilan tanishdilar. Shuningdek, ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik yondashuvlar, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan mexanizmlar hamda inson huquqlari sohasidagi o‘quv dasturlarining mazmuni haqida ma’lumot berildi.
Muloqot chog‘ida inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi xalqaro tajriba, huquqni qo‘llash amaliyotida inson huquqlari standartlarini mustahkamlash, ta’lim va tadqiqot sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar Akademiya va OHCHR o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda inson huquqlari sohasida kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.
Uchrashuv inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajriba va bilimlar almashinuvini kengaytirish hamda huquqni muhofaza qilish organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni izchil davom ettirishga xizmat qildi.