O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi rahbariyati ishtirokida Jamoat xavfsizligi universitetida Huquqni muhofaza qiluvchi organlar oliy ta’lim muassasalari konsorsiumini tashkil etishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek Konsorsiumga a’zo ta’lim muassasalari – O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi rahbariyati, soha ekspertlari va mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Konsorsiumning asosiy maqsadi huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun xalqaro standartlarga mos, yuqori malakali, halol va vatanparvar kadrlar tayyorlaydigan zamonaviy ta’lim tizimini shakllantirishdan iborat. Tadbir doirasida taqdim etilgan «2030-yil strategiyasi»da tizimni amaliyotga yo‘naltirilgan, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektga asoslangan, mintaqada yetakchi hamda xalqaro miqyosda e’tirof etilgan kadrlar tayyorlash markaziga aylantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Muhokamalar jarayonida ta’lim va infratuzilmani rivojlantirish, jumladan Yagona kompetensiyalar modeli (CCF)ni joriy etish, innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish, a’zo ta’lim muassasalarining kutubxona, laboratoriya va simulyatsion poligonlaridan o‘zaro foydalanish imkoniyatlarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, ta’lim ekotizimiga raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt yechimlarini integratsiya qilish, yagona LMS platformasi, elektron portfolio hamda VR/AR texnologiyalaridan keng foydalanish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Tadbirda kiberkriminalistika, korrupsiyaga qarshi kurashish, Crowd Management va raqamli tahlil yo‘nalishlarida ixtisoslashtirilgan markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, INTERPOL, CEPOL va UNODC kabi xalqaro tashkilotlar bilan qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, mazkur tashabbus huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim muassasalarining xalqaro nufuzini oshirish va sohadagi institutsional hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.