Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi madaniyatni shakllantirish, ularda halollik, qonunga hurmat va fuqarolik mas’uliyatini mustahkamlashga qaratilgan ma’rifiy tadbirlar izchil ravishda amalga oshirilmoqda.
Shu kabi tadbirlardan navbatdagisi Toshkent shahar prokuraturasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Milliy universitetida “Korrupsiyaga qarshi avlod” mavzusida tashkil etildi.
Tadbirda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Toshkent shahar prokuraturasi va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda tadqiqotchilar ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida korrupsiyaning davlat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, uning oldini olishning samarali mexanizmlari, yoshlarning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi o‘rni va mas’uliyati, shuningdek, ularda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Akademiyaning Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta’lim markazi xodimi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy yondashuvlari, mazkur jarayonda yoshlarning faol ishtiroki, halollik madaniyatini qaror toptirish hamda korrupsiyaga qarshi ta’limning ahamiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari bilan ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan muhokamalar davomida huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda yoshlarning faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Bunday tadbirlar yoshlarni korrupsiyaga qarshi kurashish g‘oyalariga keng jalb etish, ularda halollik, mas’uliyat va qonun ustuvorligi tamoyillariga sodiqlikni mustahkamlash, shuningdek, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.