O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2026-yilning uchinchi choragi uchun mustaqil izlanuvchilikka talabgorlar bilan suhbat o‘tkazildi.
Suhbatdan oldin komissiya a’zolari tomonidan mustaqil izlanuvchilikka hujjat topshirgan talabgorlarning yig‘ma jildlari atroflicha o‘rganildi. Taqdim etilgan hujjatlar asosida talabgorlarning ilmiy tadqiqot mavzularining dolzarbligi, mustaqil ilmiy izlanish olib borish salohiyati hamda tadqiqotchilik ko‘nikmalari baholandi.
Jami 53 nafar talabgorning hujjatlari ko‘rib chiqildi. O‘rganish va suhbat natijalariga ko‘ra, 41 nafar talabgor mustaqil izlanuvchilikka qabul qilish uchun tavsiya etildi.
Komissiya qaroriga muvofiq, 5 nafar talabgor suhbat bosqichiga yetib kelmaganligi sababli, yana 7 nafar talabgor esa tanlangan mavzularning dolzarbligini yetarlicha asoslab bermaganligi hamda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada takomillashtirishi zarurligi bois mustaqil izlanuvchilikka tavsiya etilmadi.
Mustaqil izlanuvchilikka qabul jarayonlari ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, huquqshunoslik sohasida dolzarb ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy salohiyatni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.