O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2026/2027 o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga qabul davom etmoqda.
Joriy o‘quv yilida abituriyentlar “Yurisprudensiya” hamda ilk bor tashkil etilgan “Kiberhuquq” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
“Yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash Akademiyada 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab amalga oshirib kelinmoqda. Yangi “Kiberhuquq” ta’lim yo‘nalishi esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli prokuratura – 2030” strategiyasi doirasida joriy etilgan bo‘lib, raqamli huquq, kiberxavfsizlik va zamonaviy axborot texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.
Akademiya bakalavriatida ta’lim o‘zbek va rus tillarida davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi.
“Yurisprudensiya” va “Kiberhuquq” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovda ishtirok etuvchi nomzodlar joriy yilning 5-iyunidan 25 iyuniga qadar (25-iyun kuni ham) my.uzbmb.uz saytidagi “Oliy va kasbiy (professional) ta’lim tashkilotlariga qabul (2026/2027 o‘quv yili uchun)” bo‘limi orqali test sinovlari uchun fanlar majmuasini (“Davlat va huquq asoslari” va “Chet tili”), ta’lim tilini, chet tilini hamda test sinovlari o‘tkaziladigan hududni tanlashlari lozim.
Test sinovlarini iyul oyida o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, nomzodlar tegishli sertifikatlarni elektron tizim orqali yuklashlari mumkin.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bakalavriatiga kirish imtihonlari bilan bog‘liq yangiliklar bilan Akademiyaning rasmiy veb-sayti (www.proacademy.uz) hamda quyidagi ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali tanishib borishingiz mumkin:
www.facebook.com/ProsecutorAcademy;
www.instagram.com/proacademyuz/;