Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar vakillari bilan ishchi uchrashuvlar

Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar vakillari bilan ishchi uchrashuvlar

Joriy yilning 21 yanvaridan 24 yanvariga qadar Bosh prokuratura Akademiyasining Jinoyatlarning sodir etilishi sabalarini tizimli tahlil qilish va o'rganish markazi xodimlari Xorazm viloyatida huqukbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ va muassasalarning vakillari bilan bir qator ishchi uchrashuvlar o'tkazishdi.

Mazkur uchrashuvlar O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi «Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi PQ-4075-sonli Qarori hamda Prezidentning 2018 yil 10 yanvar kuni Prezident huzuridagi Xavfsizlik Kengashining kengaytirilgan majlisida bergan topshiriqlari asosida jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va o'rganish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo'yicha prokuratura organlari oldiga qo'yilgan vazifalarni bajarish maqsadida tashkil etilgan.

Jinoyatchilik holati tahlillari hududda yo'l-transport hodisalari bilan bog'liq, shu jumladan mast holatdagi shaxslar tomonidan jinoyatlar sodir etilishi salmog'i yuqoriligini ko'rsatgani bois, ishchi uchrashuvlar davomida transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish bilan bog'liq huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, shuningdek alkogolni suiiste'mol qiluvchi shaxslar o'rtasida huquqbuzarliklarning maxsus profilaktikasi faoliyatida tizimli kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf qilish choralarini ko'rishga alohida e'tibor qaratildi.

Bundan tashqari, ishchi guruh tomonidan narkologik dispanserlar ishi o'rganib chiqilib, tizimdagi mavjud muammolarni hal qilish hamda faoliyatini samarali olib borishini ta'minlash maqsadida aniq chora-tadbirlar va vazifalar belgilab olindi.