Odil sudlov akademiyasi bilan korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi

Odil sudlov akademiyasi bilan korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-iyundagi “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–106-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, xususan, sud tizimida komplayens nazorat tizimini samarali yo‘lga qo‘yish hamda xodimlarning malakasini oshirish masalalari bo‘yicha Huquqni muhofaza qilish akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi vakillari bilan konsultativ uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida mehmonlar Huquqni muhofaza qilish akademiyasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi orqali davlat xizmatchilari uchun tashkil etilayotgan malaka oshirish kurslari, shuningdek, tizim xodimlarining korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini baholash mexanizmlari bilan yaqindan tanishtirildi.

Muloqot chog‘ida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish va ilg‘or tajribalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorat tizimini takomillashtirish sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

Telegram Facebook