Huquqni muhofaza qilish akademiyasida prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zahiraga kiritilgan kadrlarni tayyorlash jarayonida nazariy bilimlarni amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan sayyor o‘quv mashg‘ulotlari izchil davom ettirilmoqda.
Navbatdagi amaliy mashg‘ulot Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasining Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida tashkil etildi.
Mashg‘ulot davomida tinglovchilar markazning faoliyat yo‘nalishlari, asosiy vazifa va funksiyalari, shuningdek, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan voyaga yetmaganlarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy, psixologik va huquqiy yordam tizimi hamda mazkur yo‘nalishda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar.
Shuningdek, ishtirokchilar voyaga yetmaganlar bilan profilaktik va individual ishlash amaliyoti, davlat organlari hamda boshqa tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlari, bolalar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy jihatlari yuzasidan ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan muloqot davomida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar hamda muassasaning faoliyati, moddiy-texnik bazasi va yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Bunday amaliy mashg‘ulotlar rahbar kadrlar zahirasini tayyorlash jarayonida tinglovchilarning kasbiy dunyoqarashini kengaytirish, boshqaruv ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganishga xizmat qilmoqda.