Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko YEXHT Xavfsizlik qo‘mitasining «Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda texnologiyalardan foydalanish: kelajakda huquqni muhofaza qilish organlari salohiyatini rivojlantirish» mavzusidagi yig‘ilishida ishtirok etib, Akademiyaning mazkur yo‘nalishdagi ilg‘or tajribasini taqdim etdi.
Buyuk Britaniya raisligida aralash formatda o‘tkazilgan tadbirda YEXHTga a’zo davlatlar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish doirasida kiberjinoyatchilik, kontrabanda, giyohvandlik vositalari va qurollarning noqonuniy muomalasi kabi transmilliy uyushgan jinoyatchilikning dolzarb tahdidlari muhokama qilindi. Shuningdek, onlayn platformalar, shifrlash texnologiyalari va sun’iy intellekt kabi zamonaviy texnologiyalarning jinoiy faoliyat shakllari va ko‘lamiga ta’siri hamda bu borada huquqni muhofaza qilish organlari oldida turgan yangi vazifalar ko‘rib chiqildi.
Tadbir ishtirokchilari jinoyatchilikka qarshi kurashishda ma’lumotlar tahlili, ilg‘or analitik vositalar va innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish, shuningdek, davlat organlari, xalqaro tuzilmalar va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Ye.V.Kolenko o‘z ma’ruzasida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi, ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, masofaviy ta’lim platformalari, elektron ta’lim resurslari hamda ta’lim trayektoriyalarini raqamli kuzatish mexanizmlarining amaliyotdagi natijalari haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashish uchun kadrlar salohiyatini mustahkamlash, ta’lim dasturlariga innovatsion texnologiyalarni integratsiya qilish va o‘quv jarayonining amaliy samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur tadbirdagi ishtirok Akademiyaning xalqaro professional muloqotdagi faol ishtirokini, shuningdek, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida zamonaviy va innovatsion yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha olib borayotgan tizimli ishlarini yana bir bor namoyon etdi.