Komplayens va xalqaro standartlar: biznesda halollik tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida

Komplayens va xalqaro standartlar: biznesda halollik tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va xususiy sektor vakillarining korrupsiyaning oldini olish hamda zamonaviy komplayens mexanizmlarini joriy etish sohasidagi bilim va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday tadbirlardan navbatdagisi “Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi rahbariyati va menejerlari ishtirokida tashkil etildi.

Seminarda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta’lim markazi boshlig‘i X. Tursunbekov tomonidan korrupsiyaning jamiyat va biznes muhitiga salbiy ta’siri, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun nazarda tutilgan javobgarlik choralari, shuningdek, zamonaviy korrupsiyaga qarshi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan taqdimot qilindi.

Shuningdek, komplayens tizimining tashkilot faoliyatidagi o‘rni, ichki nazoratni samarali tashkil etish, manfaatlar to‘qnashuvini barvaqt aniqlash va oldini olish, xalqaro standartlar talablarini korporativ amaliyotga tatbiq etishning dolzarb jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbir davomida korrupsiyaning oldini olish, komplayens madaniyatini rivojlantirish, biznes jarayonlarida halollik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlash, shuningdek, davlat va xususiy sektor hamkorligini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan savollarga atroflicha javoblar berildi.

Telegram Facebook