O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan yosh avlodda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Ana shunday tadbirlardan navbatdagisi Bojxona qo‘mitasi huzuridagi Bojxona instituti kursantlari ishtirokida tashkil etildi.
O‘quv mashg‘uloti Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta’lim markazi vakillari tomonidan “O‘zbekistonda korrupsiya ko‘rinishlariga qarshi kurashishning dolzarbligi” mavzusida olib borildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, korrupsiyaning jamiyat va davlat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, shuningdek, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan zamonaviy mexanizmlar xususida batafsil ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, kursantlarga kelgusida xizmat vazifalarini bajarish jarayonida kasbiy etika, halollik, xolislik va qonun ustuvorligi tamoyillariga qat’iy rioya qilish muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar berildi.
Bunday tadbirlar yosh kadrlarda korrupsiyaga qarshi madaniyatni shakllantirish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish hamda halollik va mas’uliyat tamoyillariga asoslangan kasbiy dunyoqarashni mustahkamlashga xizmat qiladi.