IHTT monitoringi: Bosh prokuratura va Akademiya ekspertlari korrupsiyaga qarshi islohotlar natijalarini muhokama qildi

IHTT monitoringi: Bosh prokuratura va Akademiya ekspertlari korrupsiyaga qarshi islohotlar natijalarini muhokama qildi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi ekspertlari Bosh prokuratura rahbariyati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosining mas’ul xodimlari bilan birgalikda O‘zbekistonda 2024–2025 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan islohotlarning natijalarini IHTT monitoring guruhi vakillari bilan muhokama qildi.

Uchrashuvlar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘ining Istanbul harakatlar rejasi bo‘yicha 5-raund monitoringi ikkinchi bosqichi doirasida IHTT Kotibiyati monitoring guruhi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi davomida o‘tkazildi.

Monitoring jarayonida Bosh prokuratura mas’ul bo‘lgan uchta yo‘nalish – prokuratura organlari mustaqilligi, korrupsiyaga qarshi kurashishga ixtisoslashtirilgan institutlar hamda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik sohalarida 2024–2025 yillarda amalga oshirilgan ishlar baholandi.

Uchrashuvlarda prokuratura organlari mustaqilligini yanada mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurashishga ixtisoslashtirilgan tuzilmalarda institutsional islohotlarni davom ettirish, shuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik mexanizmlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga doir IHTT tavsiyalarining ijrosi atroflicha muhokama qilindi.

IHTT Kotibiyati monitoring guruhi sohada amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar va so‘nggi islohotlarni e’tirof etdi. Shu bilan birga, baholash yo‘nalishlaridagi ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan amaliy tavsiyalar bildirildi.

Ma’lumot uchun: Istanbul harakatlar rejasi IHTTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘i doirasidagi mintaqaviy dastur hisoblanadi. Unda Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Moldova, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Ukraina va O‘zbekiston ishtirok etadi. Dastur doirasida ishtirokchi davlatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlarning milliy amaliyotga joriy etilishi muntazam baholanadi.

Telegram Facebook