Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Tojikiston Respublikasi Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari uchun aktivlarni qaytarishning xalqaro mexanizmlari va vakolatli organlar oʻrtasidagi amaliy hamkorlikka bagʻishlangan maxsus onlayn-seminar tashkil etdi.
Tadbirda Akademiya boshligʻining oʻrinbosari U.U. Nigmadjanov maʼruza qilib, jinoiy yoʻl bilan olingan aktivlarni qaytarishning xalqaro mexanizmlari, bu jarayonda idoralararo tarmoqlarning oʻrni hamda vakolatli organlar oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyishning amaliy jihatlarini yoritdi.
Seminar Tojikiston Respublikasi Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori oʻrinbosari S. Talbakzoda boshchiligidagi delegatsiyaning joriy yil 5-iyun kuni Akademiyaga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy davomi boʻldi.
Mazkur uchrashuvda tomonlar korrupsiyaga qarshi kurashish va jinoiy aktivlarni qaytarish sohalarida professional aloqalarni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, ilgʻor tajriba almashish boʻyicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib olgan edi.
Onlayn-seminar davomida aktivlarni qaytarish boʻyicha idoralararo tarmoqlar imkoniyatlaridan foydalanish, xalqaro hamkorlik samaradorligini oshirish, norasmiy hamkorlik mexanizmlarini qoʻllash va vakolatli organlar oʻrtasida tezkor axborot almashinuvini taʼminlash masalalari koʻrib chiqildi.
Gʻarbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish boʻyicha idoralararo tarmogʻi – ARIN-WCA faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilarga tarmoqning maqsad va vazifalari, uning imkoniyatlaridan foydalanish tartibi, aʼzo davlatlarning vakolatli organlari oʻrtasida professional aloqalarni oʻrnatish mexanizmlari, shuningdek, xalqaro hamkorlik doirasida soʻrovlarni tayyorlash va yuborishning huquqiy hamda amaliy jihatlari taqdim etildi.
Tadbir yakunida oʻtkazilgan fikr almashuvi davomida aktivlarni qaytarish mexanizmlarini amaliyotda qoʻllash va ARIN-WCA doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir savollar muhokama qilindi.
Seminar Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Tojikiston Respublikasi Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi oʻrtasidagi professional va akademik hamkorlikni mustahkamlash, oʻzaro tajriba almashish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish va jinoiy aktivlarni qaytarish sohasida mutaxassislar salohiyatini oshirishga xizmat qildi.