Oliy taʼlim tashkilotlari va taʼlim yoʻnalishlarini tanlashning ikkinchi bosqichi davom etmoqda. Test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlar 8-avgustga qadar, shu kuni ham, my.uzbmb.uz elektron platformasida taʼlim shaklini inobatga olgan holda oliy taʼlim tashkiloti va taʼlim yoʻnalishi boʻyicha beshtagacha tanlovni amalga oshirishlari mumkin.
2026/2027 oʻquv yili uchun Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida quyidagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qabul amalga oshirilmoqda:
– «Yurisprudensiya (Prokurorlik faoliyati)»;
– «Kiberhuquq».
«Yurisprudensiya (Prokurorlik faoliyati)» yoʻnalishi qonunchilikni puxta egallagan, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylikni taʼminlash hamda huquqni qoʻllash amaliyotida samarali faoliyat yuritishga tayyor huquqshunoslarni tayyorlashga qaratilgan.
«Kiberhuquq» yoʻnalishida raqamli muhitni huquqiy tartibga solish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, raqamli dalillar bilan ishlash va zamonaviy texnologiyalarni qoʻllashning huquqiy jihatlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Har ikki yoʻnalishda oʻqish muddati – 4 yil. Taʼlim oʻzbek va rus tillarida davlat granti hamda toʻlov-kontrakt asosida tashkil etiladi. «Yurisprudensiya (Prokurorlik faoliyati)» yoʻnalishida kunduzgi va masofaviy, «Kiberhuquq» yoʻnalishida esa kunduzgi taʼlim shakli mavjud.
Akademiyada taʼlim nazariy bilimlarni huquqni qoʻllash amaliyoti bilan uygʻunlashtirishga asoslangan. Oʻquv jarayoniga sohaning tajribali amaliyotchilari, milliy va xorijiy ekspertlar jalb etilib, talabalarning tahliliy fikrlashi, kasbiy va raqamli koʻnikmalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Kasbiy kelajagingizni qonun ustuvorligi, adolat va raqamli xavfsizlikni taʼminlash bilan bogʻlang – Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasini tanlang!
Tanlovni my.uzbmb.uz platformasida saqlash va SMS-kod orqali tasdiqlashni unutmang.
Qabul jarayoniga oid yangiliklar Akademiyaning rasmiy veb-sayti https://proacademy.uz/ hamda Telegram’dagi rasmiy sahifasi – t.me/TheLawEnforcementAcademy orqali eʼlon qilib boriladi.