Trenerlarni tayyorlashga qaratilgan treningda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi xodimlari, Samarqand viloyati prokuraturasi xodimlari va tergovchilari, Samarqand viloyatidagi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar sudyalari hamda ijtimoiy soha xodimlari ishtirok etdi.
Trening “O‘zbekiston Respublikasida “Barnahus” tizimida voyaga yetmaganlarni tergov so‘rog‘idan o‘tkazish” mavzusiga bag‘ishlandi. Tadbirning asosiy maqsadi bola huquqlarini himoya qilishning ilg‘or xalqaro standarti hisoblangan “Barnahus” modelini milliy amaliyotga samarali joriy etish hamda mutaxassislarning so‘roq jarayonida voyaga yetmaganlarning ruhiy xavfsizligini ta’minlash, ularning qayta ruhiy jarohatlanishi va ikkilamchi viktimizatsiyasining oldini olishga doir kasbiy ko‘nikmalarini oshirishdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulotlarda voyaga yetmagan jabrlanuvchilar va guvohlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid xalqaro standartlar va milliy qonunchilik talablari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, bola huquqlari va bolalar uchun do‘stona odil sudlov, voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohlarni protsessual harakatlarga psixologik tayyorlash hamda ularni so‘roq qilishning o‘ziga xos jihatlari yoritildi.
Ishtirokchilar amaliy keyslar asosida NICHD-R bayonnomasining asoslari va undagi savollar tipologiyasi, bolalar bilan ishlaydigan tergovchi va sudyalar uchun muloqot psixologiyasi hamda bosimsiz muhit yaratish usullarini o‘rgandi. NICHD-R bayonnomasi asosida so‘roq o‘tkazish tartibi namoyish etildi, shuningdek, “Barnahus” tizimida soha xodimlarini o‘qitishda interfaol va zamonaviy yondashuvlardan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Trening yakunida ishtirokchilarga belgilangan tartibda sertifikatlar topshirildi.