Bugungi kunda butun dunyoda, shu jumladan O‘zbekistonda ham atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va kelajak avlod uchun sog‘lom muhitni asrab qolishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tabiatni asrash – faqat davlat yoki alohida tashkilotlarning emas, balki har birimizning mas’uliyatimizdir. Biz bugungi xatti-harakatlarimiz bilan ertangi kun ekologik muhitini shakllantiramiz. Shu bois har qanday ijobiy o‘zgarish, eng avvalo, o‘zimizdan, kundalik odatlarimizdan boshlanishi kerak.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi ham ekologik mas’uliyat va “yashil” tamoyillarga sodiq holda bir qator tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu munosabat bilan barcha xodimlarimizni Akademiyaning “Green Mobility” tashabbusini faol qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz.
Imkon qadar qisqa masofalarga piyoda yurish, ekologik toza va jamoat transportidan foydalanish, shaxsiy avtotransportdan foydalanishni oqilona kamaytirish – nafaqat atrof-muhitga chiqariladigan zararli moddalar miqdorini qisqartirishga, balki sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qiladi.
Shuningdek, ish joylarida energiya samaradorligiga rioya qilish ham har birimizning kundalik odatimizga aylanishi lozim. Xonadan chiqishda yoritish vositalarini o‘chirish, foydalanilmayotgan kompyuter, monitor, konditsioner va boshqa elektr jihozlarini tarmoqdan uzish, tabiiy yorug‘likdan imkon qadar samarali foydalanish, suv va qog‘oz sarfini kamaytirish, hujjatlarni zaruratsiz chop etmaslik – oddiy ko‘rinsa-da, umumiy natija uchun muhim ahamiyatga ega.
Katta o‘zgarishlar kichik qadamlardan boshlanadi.
Bir kun piyoda yurish, bir marta avtomobildan voz kechish, ortiqcha yonib turgan chiroqni o‘chirish, bir varaq qog‘ozni tejash – bularning har biri tabiatga bo‘lgan munosabatimizni ifoda etadi.
Tabiatni asrashni o‘zimizdan boshlaylik!
“Green Mobility” – sog‘lom inson, toza muhit va barqaror kelajak sari qadam!
Kelajak avlodga qanday muhit qoldirishimiz – bugungi tanlovimizga bog‘liq.