Bosh prokuratura Akademiyasida Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokuraturalari, shuningdek Transport va Harbiy prokuraturalarning o'ta og'ir jinoyatlarni tergov qilish bo'limlari tergovchilari ishtirokida “Kriminalistika va sud ekspertizasi” mavzusida masofaviy malaka oshirish kursi boshlandi.
Kurs dasturi kriminalistik texnika, taktika, ekspertiza tekshiruvlari uchun namunalar olish, ekspertiza o'tkazish masalalarini qamrab olgan.
O'quv kursi mashg'ulotlari doirasida shuningdek sudgacha bo'lgan bosqichda tergov harakatlarini o'tkazish jarayoni, kriminalistik texnik vositalardan foydalanish, tergov rejasini tuzish, kriminalistik versiyalarni shakllantirish, tergov harakatlarini o'tkazish tartibiga oid mashg'ulotlar o'rin olgan.
Mazkur masofaviy o'quv kursi tergovchilarning zamonaviy tergov uslublarini qo'llash borasida bilim va ko'nikmalarini mustahkamlash orqali tergov sifatini oshirishga qaratilgan.