O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida talabalarning startap g‘oyalari va innovatsion ishlanmalarini tizimli qo‘llab-quvvatlash va ularni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Akademiyaning tajribali professor-o‘qituvchilari rahbarligida iqtidorli talabalar izlanishlari o‘z natijasini bermoqda.
Xususan, Akademiya kafedra boshlig‘i, PhD Nasimbek Azizov va bakalavriatning “Tergov faoliyati” yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Sherzodbek Abdurashidov tomonidan O‘zbekiston qonunchiligiga tayangan holda huquqiy savollarga javob berish va kazuslarni tahlil qilishga mo‘ljallangan sun’iy intellekt asosidagi NaSher AI boti yaratildi.
Mazkur platformada foydalanuvchi vaziyatni oddiy so‘zlar bilan bayon qilishi yoki ovozli xabar yuborish orqali o‘zining huquqiy muammoli savoliga tegishli qonunchilik normalariga asoslangan batafsil javobni oladi.
Bot javoblarini qonunchilik bilan solishtirib tekshirish va zarurat bo‘lganda mutaxassis bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.