O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga amaliy tashrifi doirasida Akademiya vakillari Sharqiy London universiteti (University of East London) hamda London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi (London School of Economics and Political Science) vakillari bilan uchrashdi.
Sharqiy London universiteti bilan muloqotda huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, raqamli ta’limni rivojlantirish va professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, amaliy vaziyatlarni modellashtirishga asoslangan mashg‘ulotlar o‘tkazish, seminar-treninglar tashkil etish va qisqa muddatli onlayn modullar tayyorlash bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi vakillari bilan uchrashuvda muassasaning ta’lim va ilmiy tadqiqot faoliyati haqida ma’lumot olindi. Muloqotda akademik tajriba almashish va kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlariga e’tibor qaratildi.
Tashrif dasturi guvohlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini ham qamrab olgan holda, Britaniyaning prokuratura va sud amaliyoti bilan tanishishni oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislar tayyorlash yondashuvlarini muhokama qilish bilan uyg‘unlashtirdi. Bu London oliygohlari bilan hamkorlik imkoniyatlarini huquqni muhofaza qilish faoliyatining amaliy vazifalari bilan bog‘liq holda ko‘rib chiqish imkonini berdi.