“Ijtimoiy sohada qonunlar ijrosi ustidan nazoratni tashkil etishning dolzarb masalalari” mavzusidagi vebinar

“Ijtimoiy sohada qonunlar ijrosi ustidan nazoratni tashkil etishning dolzarb masalalari” mavzusidagi vebinar

Bosh prokuratura Akademiyasida joriy yilning 14 fevral kuni Bosh prokuror o'rinbosari E.Yuldashev raisligida O'zbekiston Respublikasi prokuraturasi organlarida ijtimoiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo'nalishida faoliyat olib boruvchi tuman (shahar) prokurorlarining yordamchilari, sohaviy o'rinbosarlari, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, O'zbekiston Respublikasi Harbiy va Transport prokuraturalarning ushbu yo'nalishga mas'ul bo'limlari xodimlari ishtirokida videokonferensaloqa rejimida respublika seminar treningi bo'lib o'tdi.

Seminar treningda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri SH.Kudbiev, vazir o'rinbosari B.Umirzaqov, Sog'liqni saqlash vaziri o'rinbosari I.Basitxanova, O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisining birinchi o'rinbosari, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg'armasining ijro etuvchi direktori B.Baxrombekov o'zlarining ma'ruzalari bilan 
qatnashdilar.

Tadbirda mavjud tizimli muammo va kamchiliklar muhokama etildi, ishtirokchilarning asosiy e'tibori aholi bandligini ta'minlash, yangi ish o'rinlarini yaratish, fuqarolarga malakali tibbiy xizmat ko'rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga qaratildi. Shu bilan birga, seminar davomida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosi bo'yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar alohida ta'kidlab o'tildi.

Shuningdek, yuqorida qayd etilgan dolzarb qonunchilik yo'nalishlarida nazorat tadbirlarini tashkil etishda prokuratura organlari bilan mutasaddi vazirlik va idoralar o'rtasida yaqindan hamkorlikni yo'lga qo'yish yuzasidan fikrlar almashildi.

Seminar qizg'in bahs-munozara ruhida o'tkazilib, ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Ishtirokchilarning fikriga ko'ra, bu kabi tadbirlar kelgusida ijtimoiy sohada mavjud muammolarni aniqlash va ularning yechimlarini ishlab chiqish bo'yicha o'ziga xos maydon bo'lib xizmat qiladi.