Korrupsiyaga qarshi komplaens-nazorat mexanizmlari muhokama qilindi

Korrupsiyaga qarshi komplaens-nazorat mexanizmlari muhokama qilindi

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-4075-son qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Bosh prokuratura Akademiyasida 2019 yil 14 fevral kuni Gonkongning jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish va terrorizmni moliyalashtirishni oldini olish Assotsiatsiyasi a'zosi, “Buyuk kelajak” eksperti A.Raxmatullaev ishtirokida “Korporativ sektorda korrupsiyaga qarshi komplaens-nazorat mexanizmlarini joriy qilish: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi.

Tadbirda «O'zbekneftgaz», «O'zbekiston temir yo'llari», «O'zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi «Suvsoz», «Gazta'minot», «Elektr tarmoqlari» kabi davlat korxonalarining mas'ul xodimlari ishtirok etishdi.

Davra suhbati davomida ekspert tomonidan xususiy va korporativ sektorda komplaens-nazoratini joriy qilish sohasidagi xalqaro standartlar, jahondagi ijobiy amaliyotlar, shu jumladan dunyoda eng yaxshi deb tan olingan Singapur va Gonkong tajribalarini yoritib berdi.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va sharoitlarini aniqlash va oldini olish bo'yicha idoraviy strategiyalarning (komplaens-nazorat) ishlab chiqilishi qayd etilgan sohalarda manfaatlar to'qnashuvini oldini olish, mansabdorlik jinoyatlari va suiiste'molchiligi barvaqt profilaktikasining muhim elementi sifatida belgilandi.

Qatnashuvchilar xo'jalik boshqaruvi organlarining turli xil sektorlarida mavjud bo'lgan komplaens-nazorati mexanizmlari haqida fikr almashishdi.

Uchrashuv natijalari bo'yicha Chilonzor tumanidagi xo'jalik boshqaruvi organlarining quyi pog'onalarida sinov tariqasida komplaens-nazorati mexanizmlarini joriy qilish rejalashtirildi.