Bosh prokuratura Akademiyasida joriy yilning 20-26 fevral kunlari voyaga yetmaganlar ishlari bo'yicha tuman (shahar) idoralararo komissiyalari mas'ul kotiblari ishtirokida “Voyaga yetmaganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid dolzarb masalalar” mavzusida malaka oshirish kurslari o'tkazildi.
Mazkur kurslar mobaynida asosiy e'tibor tinglovchilarning nazariy bilimlarini kuchaytirish va ularda amaliy ko'nikmalarni shakllantirishga qaratildi. Shu maqsadda, tinglovchilar ishtirokida 2 ta sayyor mashg'ulot, 2 ta seminar-trening va 1 ta davra suhbati o'tkazildi.
Xususan, Toshkent shahar IIBBga qarashli voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko'rsatish tranzit markazida joriy yilning 25 fevral` kuni “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko'rsatish borasidagi vazifalar” mavzusida davra suhbati o'tkazildi.
Davra suhbati qizg'in bahs-munozara ruhida o'tkazilib, tinglovchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va voyaga yetmaganlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan amaldagi qonunchilik hamda mexanizmlarni takomillashtirish bo'yicha o'z takliflarini bildirdilar.
Shuningdek, tinglovchilar Zangiota tumanidagi tarbiya koloniyasida bo'lishib, voyaga yetmagan mahkumlarni saqlash sharoitlari, ular bilan amalga oshirilayotgan tarbiyaviy ishlar ahvoli bilan yaqindan tanishdilar.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, malaka oshirish kurslariga “YUNISEF”ning O'zbekistondagi vakolatxonasidan mahalliy va xalqaro ekspertlar ham jalb etildi.
Chunonchi, Bosh prokuratura Akademiyasida joriy yilning 26 fevral kuni xalqaro ekspert S.Rijkova ishtirokida “Bolalar va oilani ijtimoiy qo'llab-quvvatlashda ilg'or xorijiy tajriba va xalqaro standartlar” mavzusida seminar-trening o'tkazilib, unda ekspert voyaga yetmaganlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash sohasida Moldova tajribasi bilan o'rtoqlashdi. O'tkazilgan malaka oshirish kurslari yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.