2019 yilning 28 fevral - 1 mart kunlari O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha norasmiy tarmog'i (ARIN-WCA) Kotibiyatining Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyat boshqarmasi (BMT GJB) vakillari – Afg'oniston va qo'shni davlatlar uchun “Huquqiy masalalar bo'yicha xalqaro/hududiy hamkorlik” hududiy dasturining 2 dasturosti koordinatori Danilo Kampisi va ushbu tashkilotning aktivlarni qaytarish masalalari bo'yicha maslahatchisi Jill Tomas bilan ishchi uchrashuvi amalga oshirildi.
Ma'lumot uchun: 2018 yilning 22-23 noyabr kunlari Ostona shahrida (Qozog'iston) o'tkazilgan G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha norasmiy tarmog'ini tashkil etish yuzasidan ekspertlarning to'rtinchi mintaqaviy uchrashuvi yakunlariga asosan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ARIN-WCA tarmog'ining doimiy Kotibiyati sifatida belgilangan. Kotibiyatning funktsiyalarini amalga oshirish O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasiga yuklatilgan.
Uchrashuv davomida BMT GJB ekspertlari Kotibiyatning ish faoliyati, ARIN-WCA tarmog'ining hamda Kotibiyatning 2019 yilga mo'ljallangan ish rejalari bilan tanishdi. Bundan tashqari, ikki kun davomida ekspertlar va Kotibiyat vakillari tomonidan mazkur tarmoqning kelgusidagi muhim vazifalari va Kotibiyatni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro ekspertlar ARIN-WCA tarmog'i Kotibiyati tomonidan qisqa muddat davomida amalga oshirilgan ishlarni qayd etib, ushbu Tarmoqni kelgusida qo'llab-quvvtlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.