O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida “Jinoyat ishlarini sudlarda ko'rilishida prokuror vakolatini ta'minlash masalalari” mavzusida Qoraqalpog'iston
Respublikasi, Toshkent shahar, viloyat prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarning soha yo'nalishida xizmat qilayotgan xodimlari ishtirokida malaka oshirish o'quv kurslari tugallandi.
O'quv mashg'ulotlari joylardagi muammolar, yo'nalishda mavjud bo'lgan tizimli kamchiliklar hamda alohida o'rganilishi talab etilgan mavzular doirasidan kelib chiqilgan xolda tashkillashtirildi.
O'quv mashg'ulotlari davomida tinglovchilar tomonidan amaliyot materiallari, shu jumladan alohida toifadagi jinoyat ishlari bo'yicha shakllangan sud-prokuror amaliyoti hujjatlaridan foydalanilgan xolda muhokamaga bir qator masalalar qo'yilib, ularning yechimlari hamda yagona sud-prokuror amaliyotini shakllantirish xususida tavsiya va
yo'llanmalar berildi.
Shu bilan birgalikda, o'quv mashg'ulotlarida amaldagi qonunchilikka kiritilgan yangiliklar hamda ularni qo'llash masalalari yoritilib, tinglovchilarga tuman (shahar) prokuraturalarida soha bo'yicha ishlarni to'g'ri tashkillashtirish, ularga amaliy yordam ko'rsatish, hisobotlarni to'g'ri va haqqoniy yuritish masalalarida tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, o'quv jarayoni davomida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining tajribali xodimlari ishtirokida davra suhbatlari tashkillashtirildi.
O'quv mashg'ulotlari natijasi bo'yicha tinglovchilarga tegishli namunadagi sertifikatlar topshirildi.