G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha norasmiy tarmog'i (ARIN- WCA) Boshqaruv guruhining birinchi uchrashuvi bo'lib o'tdi

G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha norasmiy tarmog'i (ARIN- WCA) Boshqaruv guruhining birinchi uchrashuvi bo'lib o'tdi

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi vakillari 2019 yilning 13-14 mart kunlari Qirg'izistonning Bishkek shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotik moddalar va jinoyat boshqarmasining ko'magida tashkillashtirilgan G'arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo'yicha norasmiy tarmog'i (ARIN-WCA) Boshqaruv guruhining birinchi uchrashuvida ishtirok etishdi.

Tarmoq ishtirokchilarining dastlabki kelishuvlariga asosan Qozog'iston, Qirg'iziston, Pokiston, Turkmaniston va O'zbekiston 2019-2020 yillar davriga mazkur norasmiy tarmoqning Boshqaruv guruhini tashkil qiladilar.

Uchrashuv qatnashchilari va xalqaro ekspertlar tarmoq boshqaruvini nazorat qilishni amalga oshirish, strategik rivojlanish hamda unda ishtirok etishning mexanizmlarini takomillashtirish, veb-saytni ishga tushirish, ishtirokchilarning salohiyatini oshirish uchun o'quv kurslarini tashkil qilish, tarmoqning umumiy yillik yig'ilishini o'tkazish va shu kabi boshqa tashkiliy masalalarni muhokama qilishdi.

ARIN-WCA Kotibiyati sifatida Bosh prokuratura Akademiyasi vakillari Boshqaruv guruhini tarmoqni boshqarish borasida amalga oshirilgan ishlar, ishtirok etuvchi davlatlar tomonidan bog'lanish mumkin bo'lgan shaxslarni aniqlash, veb-saytni ishlab chiqish, tegishli hujjatlarni tayyorlash va keyingi rejalar to'g'risida xabardor qilishdi.

Boshqaruv guruhining birinchi uchrashuvi ishchan va konstruktiv tarzda o'tkazilib, uning yakunlariga ko'ra ishtirokchilar faol hamkorlik qilishga hamda ARIN-WCA tarmog'ini rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.