Bosh prokuror tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Namangan viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining bilimi, kasbiy tayyorgarligi va mas'uliyatini oshirishga doir o'quv kurslari tashkil etildi.
O'quv kurslari Dasturiga ichki ishlar organlarida ishlarni rejalashtirish, tashkillashtirish va ijro intizomini mustahkamlash, tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va tergov faoliyatini amalga oshirish, huquqbuzarliklarning profilaktikasini tashkil etishning dolzarb masalalari kiritilgan.
O'quv kurslariga ichki ishlar organlari tizimida faoliyat ko'rsatib kelayotgan tezkor-qidiruv, surishtiruv, dastlabki tergov va huquqbuzarliklarni oldini olish tarmoqlari xodimlari jalb qilindi.
Ichki ishlar organlarini kasbiy bilimi va malakasini oshirishga yo'naltirilgan o'quv kurslari Bosh prokuratura Akademiyasining professor o'qituvchilari, Ichki ishlar vazirligi va Namangan viloyati prokuraturasining ko'p yillik amaliy tajribaga ega bo'lgan xodimlari tomonidan innovatsion pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda o'tkazilib, o'quv jarayonida hududda mavjud muammolar, ularni bartaraf etish yuzasidan ichki ishlar organlari xodimlarning fikr mulohazalari eshitildi hamda professor o'qituvchilar va malakali xodimlar tomonidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.