“Xavfsiz hudud” mobil ilovasi huquqbuzarliklar profilaktikasini yangi darajaga ko'taradi

“Xavfsiz hudud” mobil ilovasi huquqbuzarliklar profilaktikasini yangi darajaga ko'taradi

Joriy yilning 27 mart kuni poytaxt IIB matbuot markazida Bosh prokuratura Akademiyasi tashabbusi bilan Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida BMTning rivojlantirish dasturi hamda Buyuk Britaniya elchixonasining texnik ko'magida ishlab chiqilgan yangi “Xavfsiz hudud” mobil ilovasining taqdimoti o'tkazildi.

Foydalanish uchun qulay va oddiy bo'lgan yangi “Xavfsiz hudud” mobil ilovasi yordamida nafaqat fuqarolarning yashash joyidagi profilaktika inspektorlarini, balki avtomatik tarzda yaqin atrofda joylashgan ichki ishlar bo'limi tayanch punktini ham aniqlash mumkin bo'ladi.

Mazkur mobil ilova 3 ta (o'zbek, rus va ingliz) tilda faoliyat ko'rsatadi.

Mobil ilova foydalanuvchilar uchun profilaktika inspektorlari ishlarini baholash va o'zlarining izohlarini qoldirish, yaqin hududlarda joylashgan ichki ishlar tayanch punktlari yoki boshqa tezkor xizmatlar bilan shoshilinch aloqa o'rnatish uchun “SOS” tugmasidan foydalanish hamda shahar IIBdagi rasmiy “Telegram bot”larga murojaatlarni yuborish va boshqa shu kabi imkoniyatlarni yaratadi.

Mobil ilovaning asosiy maqsadi fuqarolar bilan ichki ishlar organlari xodimlari o'rtasida o'zaro aloqa qilishning yangi qulay shaklini ishlab chiqishdan iborat.

Hozirgi kunda mobil ilova faqat Toshkent shahar hududida sinov tariqasida Android” platformasida faoliyat ko'rsatmoqda.

Yangi “Xavfsiz hudud” mobil ilovasini “Google Play” orqali bepul yuklab olish mumkin.