Joriy yilning 28 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida “Jinoyat ishlarida isbot qilinishi lozim bo'lgan holatlar, dalillar maqbulligiga oid qonun normalarining qo'llanilishi” mavzusida vebinar shaklida respublika seminar-treningi o'tkazildi.
Vebinarda Bosh prokuratura mahkamasining xodimlari, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'atining sud`yalari, O'zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining vakillari, IIV huzuridagi Tergov departamenti tergovchilari, Bosh prokuratura Akademiyasining professor-o'qituvchilari hamda Akademiya tinglovchilari, shuningdek joylardagi prokuratura idoralarining soha bo'yicha xodimlari, jinoyat ishlari bo'yicha Qoraqalpog'iston, Toshkent shahar, viloyatlar, tuman (shahar) sudlarining sud`yalari, IIB tergov boshqarmalari bo'lim boshliqlari ishtirok etdilar.
Mazkur tadbir protsessual qonunchilikning dalillarni to'plash, tekshirish va baholashga oid normalarini tergov-sud amaliyotida qo'llashda mavjud bo'lgan tizimli kamchilik va muammolarni muhokama qilish, Jinoyat-protsessual kodeksiga dalillar maqbulligiga doir kiritilgan so'nggi yangiliklar va o'zgartishlarni amaliyotda to'g'ri va bir xilda qo'llanilishiga erishish borasida tushuntirishlar berishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ydi.
Seminar davomida prokuratura hamda ichki ishlar organlarining tergovchilari, shuningdek sud`yalar tomonidan amaliyotda eng ko'p yo'l qo'yilayotgan protsessual xato va kamchiliklar muhokama etildi.
Tadbir ishtirokchilarining ma'ruzalarida konkret misollar asosida dalillarni to'plash, tekshirish va baholashda yo'l qo'yilgan kamchiliklar xususida tushuntirishlar berib o'tildi.
Tadbir ishtirokchilari joylardan avvaldan muammolarni olgan xolda ular yuzasidan muhokamalar o'tkazib, tushuntirishlar berish tashkillashtirilganligini alohida ta'kidlab o'tdilar.
Tadbir yakunida amaldagi qonunchilikni takomillashtirish borasida ham bir qator takliflar ilgari surilib, ishtirokchilar qiziqtirgan savollarga javob oldilar va fikr almashdilar.