Majburiy ijro byurosi xodimlari uchun o'quv seminari

Majburiy ijro byurosi xodimlari uchun o'quv seminari

Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalardan foydalangan holda, elektron ta'lim sohasida ishlab chiqilgan “ProAcademy” elektron portali orqali prokuratura organlari xodimlarining malaka oshirish kurslari tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda.

Aralash ta'limning navbatdagi yangi o'quv kursini ishga tushirish, shuningdek tinglovchilar doirasini maksimal darajada qamrab olish, vaqt va resurlarni samarali taqsimlash maqsadida joriy yilning 6 aprelida Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda Byuro xodimlarining malakasini muntazam ravishda oshirib borishga qaratilgan kompleks tadbirlar doirasida videokonferensaloqa shaklidagi o'quv seminar tashkil etildi.

Seminarda Bosh prokuratura Akademiyasining professor-o'qituvchilari, Majburiy ijro byurosi rahbariyati va markaziy mahkamasi xodimlari, Byuroning barcha viloyat hamda tuman (shahar) sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish bo'limlari inspektorlari, davlat ijrochilari ishtirok etdilar.

O'quv seminarda ishtirokchilar onlayn tarzda davlat ijrochilari uchun masofaviy ta'lim asosida malaka oshirish kurslarini tashkil etish hamda mazkur o'quv mashg'ulotlarini o'tkazish yuzasidan batafsil ma'lumotlarga ega bo'ldilar.

Tadbir ishtirokchilari masofaviy ta'lim tizimining imkoniyatlari va afzalliklarini har tomonlama ko'rib chiqdilar. Akademiya tomonidan mazkur o'quv kursini tayyorlashda huquqni qo'llash amaliyotida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining ijrosini ta'minlashda yo'l qo'yilayotgan tizimli kamchiliklar va yuzaga kelayotgan muammolar tahlili natijalariga alohida e'tibor qaratilganligi qayd etildi.

Tadbir yakunida ushbu masofaviy ta'lim tizimining samarali yo'lga qo'yilishi kelgusida Byuro faoliyatida ijro ish yuritish sohasidagi mavjud muammo va kamchiliklarni o'z vaqtida bartaraf etish hamda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda davlat ijrochilarining kasbiy bilim va amaliy ko'nikmalarini yanada takomillashtirishda muhim omil bo'lib xizmat qilishi ishtirokchilar tomonidan alohida ta'kidlab o'tildi.