Bosh prokuratura Akademiyasida prokuratura organlarida lavozimlarni egallash uchun nomzodlarni birlamchi ixtisoslashuv shaklida kasbiy qayta tayyorlash kurslari davom etmoqda.
Bugungi kunda o'quv dasturida belgilangan “Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi” mavzusidagi o'quv blokining auditoriya mashg'ulotlari yakunlandi va tinglovchilar Toshkent shahrining tumanlaridagi prokuratura organlarida amaliyot o'tamoqda.
Mazkur o'quv bloki bo'yicha tinglovchilar voqea joyini ko'zdan kechirish, tergov harakatini o'tkazishning o'ziga xos xususiyatlari, jinoyat ishlarini tergov qilishda psixologik tahlil imkoniyatlaridan hamda kriminalistik texnika vositalaridan foydalanish, jinoyat ishini qo'zg'atish, dastlabki tergov, tergovga qadar tekshiruv va surishtiruvning protsessual tartibi, so'roq qilish taktikasi, kriminalistik taktika va jinoyatlarni tergov qilishdagi ahamiyati, ekspertiza turlari va ularni o'tkazish tartibi, korruptsiyaning oldini olish va uni profilaktika qilishning ayrim dolzarb jihatlari, ekstremistik va terrorchi tashkilotlarni fosh etish hamda ular faoliyatiga barham berish kabi muhim masalalarga oid nazariy bilim va amaliy ko'nikmalarni o'zlashtirdilar.
Prokuratura organlarida tashkil etilayotgan amaliyot tinglovchilarning Akademiya o'quv auditoriyalarida malakali professor-o'qituvchilar tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarni to'liq o'zlashtirish, olgan bilim va ko'nikmalarini real ish faoliyatida mustahkamlash imkonini beradi.