Kembridj universiteti bilan hamkorlik

Kembridj universiteti bilan hamkorlik

Akademiya dunyoning yetakchi oliy o'quv yurtlari va tadqiqot institutlari, jumladan Kembridj universiteti (Buyuk Britaniya) bilan hamkorlik qiladi.

Kembridj universitetining 25 nafar vakillaridan iborat delegatsiyasining 3 dan 16 aprelgacha bo'lgan tashrifi davomida bir qator ilmiy va amaliy tadbirlar tashkil etildi.

Shu jumladan, joriy yilning 4 aprelida Kembridj universiteti professori Siddxart Saksena (Siddharth Saxena) Bosh prokuratura Akademiyasiga tashrif buyurdi.

Uchrashuv davomida Akademiyaning Kembridj universiteti bilan ta'lim va ilmiy sohalarda o'zaro hamkorlik shakllari bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

Joriy yilning 8-10 aprel kunlari Buxoro shahrida Kembridj universiteti (Buyuk Britaniya) tomonidan Bosh prokuratura Akademiyasi, O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan hamkorlikda «Research in Action» mavzusida seminar o'tkazildi.

Seminar Markaziy Osiyo davlatlari tadqiqotchilarining salohiyatini mustahkamlash, ta'lim sohasida bilim, innovatsiya va tajriba almashish, Britaniya ta'lim va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik o'rnatishga qaratilgan.

Seminar dasturi sektsiyaviy munozaralar doirasida fanlararo tadqiqotlar sifatini ta'minlash va ularni rag'batlantirish, innovatsion ta'lim texnologiyalarini qo'llash, xalqaro akademik hamkorlik masalalarini, shuningdek ilmiy tadqiqot metodologiyasi asoslari bo'yicha treningni o'z ichiga qamrab oldi.

Muhokamalarda Kembridj universiteti, Kent universiteti, Ozarbayjon diplomatik akademiyasi, Tojik milliy universiteti, Bosh prokuratura Akademiyasi, O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetining akademik doiralari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun mintaqaviy yoki xalqaro muammolarni hal qilishda o'z hissalarini qo'shish maqsadida ilmiy salohiyatni oshirish, Markaziy Osiyo davlatlari ilmiy-tadqiqot va ta'lim muassasalari kuchlarini birlashtirish zaruratini qayd etib o'tdilar.

Shuningdek, joriy yilning 13 aprel kuni Bosh prokuratura Akademiyasida Kembridj universiteti professori S.Saksena, ilmiy xodimlari R.Karl va T.Yunusovlar tomonidan Akademiya doktorantlari, mustaqil izlanuvchi va o'qituvchilari uchun ilmiy tadqiqot metodologiyasiga bag'ishlangan seminar-trening bo'lib o'tdi.

Seminar davomida tadqiqot ishini tashkil etish va metodologiyasi, hodimlarning o'zaro tajriba almashish mexanizmlarini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot integratsiyasi, uzluksiz kasbiy rivojlanish, ilmiy va huquqiy ma'lumotlar bazasini tahlil qilish masalalari yoritildi.

Tadbir yakunida hamkorlikda tadqiqotlar o'tkazish, ta'lim va ilmiy-tadqiqot sohasida xalqaro loyihalar va dasturlarda qatnashish bo'yicha kelishuvga erishildi.